Analitika

Restoran hisobotlari: 6 ta raqam, har biri bitta qarorni o'zgartiradi

Kassa yuzlab raqam beradi va shuning uchun hech kim ularni o'qimaydi. Aslida kundalik qaror uchun oltita hisobot yetarli. Har biri bitta aniq savolga javob beradi: qachon odam ko'p, kim ko'p sotadi, qaysi taom balast, stol necha marta aylanadi.

· 7 daqiqa o'qish

011. Soatlik issiqlik xaritasi — smenani qayta chizadi

Issiqlik xaritasi hafta kunlari × soat kesimida tushumni ko'rsatadi. Bir qarashda qaysi katak qora, qaysisi oq ekani ko'rinadi. Ko'pincha natija kutilganidan boshqa: payshanba kechqurun shanbadan kuchliroq, dushanba tushlik esa deyarli bo'sh.

Bu raqam ikkita qarorni o'zgartiradi. Birinchisi — smena: bo'sh soatga uchta ofitsiant chiqishi shart emas, gavjum soatga ikkitasi yetmaydi. Ikkinchisi — avtomatik chegirma: eng oq katakka aynan shu yerda qoida qo'yiladi (masalan, dushanba–payshanba 15:00–17:00 kofega 20%).

022. O'rtacha chek — lekin kesim bilan

Umumiy o'rtacha chek deyarli foydasiz raqam: u tushlikdagi biznes-lanchni kechki ziyofat bilan aralashtiradi. Foydali bo'lishi uchun uni kesish kerak: kanal bo'yicha (zal, QR, sayt, agregator), soat bo'yicha va ofitsiant bo'yicha.

Kanal kesimi qiziq natija beradi: QR orqali berilgan buyurtma odatda ofitsiant orqali berilganidan kattaroq bo'ladi. Sabab oddiy — rasm, modifikator va shoshilmasdan tanlash. Agar sizda teskari bo'lsa, demak menyuda rasm yo'q yoki modifikatorlar sozlanmagan.

033. Stol aylanmasi — zalning haqiqiy sig'imi

Stol aylanmasi — bitta stol kechqurun necha marta yangi mehmon qabul qilgani. 40 stolli restoranda aylanma 1,4 bo'lsa, kechada 56 ta stol sotiladi; 2,1 bo'lsa — 84 ta. Xuddi o'sha zal, xuddi o'sha ijara, farq esa 50 foiz.

Aylanmani oshirishning eng arzon usuli — kutish vaqtini qisqartirish. Uch joyda kutiladi: menyu kutish, ofitsiantni chaqirib kutish va hisobni kutish. QR uchalasini ham yo'q qiladi: menyu darhol ochiladi, buyurtma to'g'ridan kassaga tushadi, hisobni mehmon o'zi yopadi.

Xizmat vaqti hisoboti buni bosqichlarga bo'ladi: buyurtma ochilgandan oshxonaga yuborilgunga qadar, pishirilgunga qadar, berilgunga qadar. Qaysi bosqich uzun bo'lsa — muammo o'sha yerda. Ko'pincha bu oshxona emas, «yuborilmagan» holatida turgan buyurtma bo'ladi.

044. Menyu injiniringi va 5. stop-list tarixi

Menyu injiniringi — foyda × mashhurlik matritsasi. U menyudan qaysi 5–7 taomni olib tashlash kerakligini va qaysi taomni yuqoriga ko'tarish kerakligini aytadi. Ishlashi uchun taom kartasiga tannarx kiritilgan bo'lishi shart.

Stop-list tarixi esa boshqa savolga javob beradi: qaysi taom qachon tugaydi. Osh bir oyda 22 kun soat 14:30 da tugagan bo'lsa, bu menyu emas — ishlab chiqarish masalasi. Ikkinchi qozon qo'yiladi yoki porsiya hajmi qayta ko'rib chiqiladi.

Ikkala hisobot birga o'qilganda ayniqsa foydali. Taom mashhur va foydali, lekin har kuni tushdan keyin tugaydi — demak siz har kuni pul yo'qotyapsiz. Bu eng oson tuzatiladigan yo'qotish turi.

056. Buyurtma manbai — reklamangiz qayerda ishlayapti

Har buyurtma qayerdan kelgani yoziladi: stol QR'i, sayt, iOS ilovasi, Android, Telegram, operator yoki agregator. Bu raqam marketing byudjetini taqsimlash uchun asos bo'ladi — «menimcha Instagram yaxshi ishlayapti» o'rniga aniq ulush.

Promokod bilan birga ishlatilsa, aniqlik yanada oshadi: Instagram uchun bitta kod, Telegram uchun boshqasi, blogerga uchinchisi. Kim haqiqatan buyurtma keltirgani bir haftada ko'rinadi.

Bekor qilish hisoboti ham shu yerga qo'shiladi. Bekor qilish ulushi bitta kanalda keskin yuqori bo'lsa — muammo o'sha kanalda: manzil noto'g'ri tushyaptimi, stop-list kechikyaptimi yoki kutish vaqti uzunmi.

  • Har oy bir marta: menyu injiniringi + stop-list tarixi (menyuni tozalash uchun)
  • Har hafta bir marta: issiqlik xaritasi va stol aylanmasi (smena va bron uchun)
  • Har kuni: smena yakuni, bekor qilish, chaqiruvga javob vaqti

Birinchi stolni bugun ulang.

Bir kunda o'z menyungiz bilan demo o'rnatamiz.