Texnologiya
iiko bilan QR menyu integratsiya: nima sinxron bo'ladi, nima yo'q
iiko'ngiz bor, mehmonlar esa QR yoki planshetdan buyurtma bersin deysiz. Savol bitta: buyurtma iiko'ga tushadimi, yoki kassir qo'lda ko'chiradimi? Bu maqolada laCafe plagini iikoFront ichida qanday ishlashini, nima sinxron bo'lishini va qayerda qoqilish mumkinligini yozamiz.
01iiko integratsiya qanday ishlaydi: plagin iikoFront ichida
laCafe iiko'ni almashtirmaydi. U iiko ustida ishlaydi. Kassa kompyuteriga bepul laBox agenti qo'yiladi — u iikoFront plaginini o'zi o'rnatadi va yangilab turadi. Stol plansheti (laTable) va ofitsiant telefoni (laWaiter) lokal tarmoq orqali laBox'dagi ilovalarga ulanadi, QR (laQR) buyurtmasi bulut orqali keladi — ikkalasini ham plagin iiko'da yaratadi.
Bu ikki tomonlama aloqa. Mehmon 7-stoldan lag'mon buyurtma qildi — iiko'da 7-stolga buyurtma ochiladi, oshxona printeri chekni chiqaradi. Kassir iiko'da buyurtmani yopdi — planshetda stol bo'shadi. Ikki tizim emas, bitta oqim.
02iiko'dan nima sinxron bo'ladi: menyu, narx, stop-list
Kataloglar iiko'dan olinadi: taom nomi, narx, kategoriya. Siz iiko'da narxni 42 000 dan 45 000 ga o'zgartirsangiz, QR menyuda ham o'zgaradi. Rasm, uch tildagi tavsif, KBJU va video esa laCafe admin panelida qo'shiladi — iiko'da bunday maydonlar yo'q.
Stop-list jonli. Oshpaz iiko'da «Osh — tugadi» deb belgiladi — laTable va laQR'da osh yo'qoladi. Mehmon tugagan taomni buyurtma qilib, keyin ofitsiantdan «yo'q ekan» eshitmaydi. Choyxona uchun bu eng foydali qism: osh 14:00 da tugaydi, 14:01 da menyudan chiqadi.
- Buyurtma yaratish, taom qo'shish, to'lash, yopish — iiko ichida
- Chek va oshxona chop etish — iiko printerlari orqali, alohida printer kerak emas
- Kataloglar va stop-list — iiko'dan laCafe'ga
- Webhook — iiko'dagi o'zgarish planshet va QR'ga darhol yetadi
03Stol plansheti va QR buyurtmasi iiko'ga qanday tushadi
Mehmon 12-stoldagi QR'ni skaner qiladi yoki laTable planshetini oladi. Menyu, savat, «Buyurtma berish». Buyurtma laCafe'ga ketadi, undan plagin iiko'da 12-stolga yaratadi. Mehmon keyin choy qo'shsa, plagin yangi buyurtma ochmaydi — o'sha buyurtmaga qo'shadi.
To'lov ikki xil. Mehmon «Hisob so'rash» bosadi — Dilshod keladi, iiko'da naqd yoki karta bilan yopadi. Yoki mehmon o'zi yopadi: Payme, Click, UzQR yoki WLCM orqali onlayn to'laydi, plagin iiko'da buyurtmani to'langan deb belgilaydi.
Modifikatorlar ham o'tadi: «Shashlik — 2 six, qo'shimcha piyoz» iiko'da aynan shunday ko'rinadi. Min/max chegaralar laCafe'da sozlanadi.
04iiko integratsiya tuzoqlari: nimaga tayyor turing
Birinchi tuzoq — kassa kompyuteri. Plagin iikoFront ichida yashaydi, laBox esa kompyuterda servis bo'lib ishlaydi (Windows 10/11). iikoFront yopiq bo'lsa, plagin ham uxlaydi. Kassir ish oxirida kompyuterni o'chirsa, ertalab birinchi buyurtma kutib qoladi. Kompyuter tungi rejimga o'tmasin.
Ikkinchi — Wi-Fi. laTable va laWaiter laBox'dagi ilovalarga faqat lokal tarmoqda ulanadi. Mehmon Wi-Fi'si va kassa Wi-Fi'si bir tarmoq bo'lishi kerak, yoki router ular orasida yo'l ochsin. Ko'p choyxonada mehmon Wi-Fi'si alohida «izolyatsiya»da — shunda planshet kassani ko'rmaydi.
Uchinchi — iiko'dagi tartibsiz nomenklatura. «Osh», «OSH», «osh (katta)» uchta alohida taom bo'lib QR'ga chiqadi. Integratsiyadan oldin iiko'da bir soat tozalash qiling. Bu laCafe muammosi emas, lekin mehmon ko'radi.
05Ishga tushirish ro'yxati va narx
iiko integratsiya uchun alohida to'lov yo'q: u Start paketidan (600 000 so'm/oy) boshlab bor, laBox esa bepul. QR stollar, laTable, laBoard, laWaiter — qancha kerak bo'lsa, har paketda cheksiz. r_keeper'da ham xuddi shunday, faqat u yerda modifikatorlar hali yo'q, tez orada.
- iiko'da nomenklaturani tozalang, dublikatlarni birlashtiring
- Kassa kompyuteri: Windows 10/11 64-bit, uyqu rejimi o'chirilgan
- Planshet va kassa bitta Wi-Fi tarmog'ida
- Sinov: bitta choy buyurtma → iiko'da ko'rindi → oshxona cheki chiqdi → yopildi
- Stop-list sinovi: iiko'da taomni to'xtating, QR'da yo'qolganini ko'ring